Talha ibn Ubaydullohning nasablari va hayotlarining ilk davri

ss

Bu sahobaning to’liq ismi Talha ibn Ubaydulloh ibn Usmon ibn Amr ibn Ka’b ibn Sa’d ibn Taym ibn Murra ibn Ka’bdir. Nasablari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan Murra ibn Ka’bda birlashadi. Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhuning onalari Sa’ba binti Xazramiy bo’lganlar. Onalari mashhur sahobiya A’lo Xazramiy roziyallohu anhoning singillari bo’lgan. Imom Tabariy Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilishlaricha, Abu Bakr Siddiq, Usmon Zunnurayn va Abdurrahmon ibn Afv roziyallohu anhumlarning onalari bilan birga Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhuning onalari ham Islomga kirganlar. Keyin Sa’ba binti Xazramiy roziyallohu anho hijrat ham qilganlar va o’g’illaridan keyin vafot etganlar. Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhuning kunyalari Abu Muhammad bo’lgan. Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhu qavmlari ichida obro’li, boy va tijoratli odam bo’lganlar. Imom Hokim rahmatullohi alayhi o’zlarining «Mustadrak» nomli kitoblarida Ibrohimdan, u esa Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhuning o’g’illari Muhammaddan qilgan rivoyatda quyidagilar aytiladi:

“Talha ibn Ubaydulloh menga dedi: “Busro bozoriga bordim. Qarasam, bir rohib o’z ibodatxanasida o’tirib olib: “Bu mavsum ahllaridan so’ranglar. Ularning ichida ahli haramdan biror kishi bormikan?” demoqda. “Ha. Men borman”, dedim. “Hali Ahmad zohir bo’lmadimi?”, dedi. “Ahmad kim?” dedim. “Ibn Abdulloh ibn Abdulmuttolib. Bu oy uning chiqadigan oyi. U anbiyolarning oxirgisidir. Uning chiqish joyi haramdir. Hijrat joyi xurmoli, qora toshli va sho’r-tuzli yerdir. Sen unga shoshilgin”, dedi. Uning gaplari qalbimda o’rnashib qoldi. Tezda yo’lga chiqib Makkaga yetib keldim va odamlardan “Biror hodisa bo’ldimi?” deb so’radim. “Ha. Muhammad ibn Abdulloh Amin o’zini payg’ambar deb e’lon qildi. Unga Ibn Abu Quhofa (ya’ni, Abu Bakr Siddiq) ergashdi”, deyishdi. Chiqib borib, Abu Bakr roziyallohu anhuning oldiga kirdim va “O’sha kishiga ergashdingmi?” dedim. “Ha. Sen ham uning oldiga bor. Huzuriga kir. Unga ergash. U haqqa da’vat qilur”, dedi. Talha unga bozordagi haligi rohib aytgan gaplarning xabarini berdi. Keyin Abu Bakr Talhani yetaklab Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga olib bordi. Talha musulmon bo’ldi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga rohib aytgan gaplarning xabarini berdi. Bu xabar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni masrur qildi. Abu Bakr bilan Talha musulmon bo’lganini eshitgan Navfal ibn Xuvaylid ibn Adaviyya ularni tutib, bir arqonga bog’ladi. Bani Tamim qo’rqib ularni himoya qilmadi. Chunki, Navfal ibn Xuvaylid “quraysh arsloni”, deb nomlanar edi”.

Ushbu rivoyatdan ma’lum bo’ldiki, Shomdagi mashhur Busro bozoriga tijorat bilan boradigan Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhu Payg’ambar sollallohu alayhi vasallamning xabarlarini eshitib, bu u zotni islomga kirishga undaganini bilish bilan birga, u zot o’z qavmlarida obro’-e’tiborli bo’lishlariga qaramay, musulmon bo’lganlari uchun azobga uchrashdan chetda qolmaganlarini ham bilib olamiz. Ha, musulmon bo’lish oson emas. Jannatga kirish uchun uning yo’lida chiqib turgan tikonlarni  bosib o’tishga to’g’ri keladi. Islom yo’lida chekilgan azob uqubatlar va mashaqqatlar esa mo’min  bandaning imonini toblaydi, xolos. Imoni toblangan mo’min esa, Alloh taoloning dini  yo’lida tortayotgan azoblarini huzur-halovat deb qabul qiladi. Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhu ham o’z dinlari yo’lida duchor bo’lgan azoblarini ana shundoq qabul qilar edilar. Imom Buxoriy kitoblarida Mas’ud ibn Xarrosh roziyallohu anhudan quyidagilarni rivoyat qiladilar:

“Safo bilan Marva orasida sa’y qilib tursak, ko’pchilik odamlar qo’li bo’yniga bog’lab qo’yilgan yosh yigitni haydab o’tib qolishdi. “Bunga nima bo’ldi?”, deb so’radim. “Bu Talha ibn Ubaydulloh, o’z dinini tark qildi”, deyishdi. Bir ayol uning ortidan g’azablangan holda uni so’kib borar edi. “Bu ayol kim?”, deb so’radim. “Sa’ba binti Xazramiy, uning onasi”, deyishdi”.

Qurayshliklar Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhuni bir muddat azoblaganlaridan keyin o’zlaridan o’zlari uyalib ketishdi. Ha, o’sha johil mushriklar ham Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhuni bardavom azoblashga uyaldilar. Agar ular umrlarida bir marta biror qilmishlaridan uyalishgan bo’lsa, ayni shu uyalishlari bo’lgan bo’lsa kerak. Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhu qavmning eng obro’li kishilaridan bo’lishi bilan birga dinu-diyonat yo’lidagi har qancha xorlik va zorlikka ham jon deb chidashlari mushriklarni ham uyaltirib yuborgan edi. Mustadrak va Isoba kitoblarida u zotning o’g’illari Muso ibn Talhadan qilingan rivoyatda Talha ibn Ubaydulloh  roziyallohu anhu quyidagicha vasf qilinadilar: “Otam Talha ibn Ubaydulloh oppoq yuziga qizg’ish rang urib turadigan o’rtabo’y odam edilar. Bir oz pastbo’ylikka moyil edilar. Ko’krak va yelkalari keng edi. Burilsalar bir yo’la burilar edilar. Ikki oyoqlari katta, yuzlari go’zal, qirg’iyburun edilar. Yurganda tez yurar edilar. Sochlarini o’zgartirmas edilar”. Dinu-diyonat yo’lida hijrat qilishga amr bo’lganda Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhu ham Madinai Munavvaraga hijrat qildilar. Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhu hijrat qilib kelganlaridan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishini ansoriy Ka’b ibn Molik roziyallohu anhu bilan birodar qilib qo’ydilar. Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhu Payg’ambar sollallohu alayhi vasallamning barcha g’azotlarida qatnashdilar. Faqat uzrli sababga ko’ra Badr g’azotida qatnasha olmadilar. O’sha paytda u kishini Sa’id ibn Zayd roziyallohu anhu bilan birga alohida topshiriq berib boshqa tomonga yuborgan edilar. Ikkovlari topshiriqni sharaf bilan ado etib qaytganlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham sahobalar bilan Badrda g’alabaga erishib Madinaga qaytib kelgan edilar. Albatta, bo’lib o’tgan hodisadan xabardor bo’lishlari bilan ikkovlarida “Attang, Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan Alloh yo’lida jihod qilish baxtidan mahrum bo’libmiz-ku”, degan hasrat paydo bo’ldi. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu hasratni darhol bartaraf etdilar. U zot alayhissalom Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhu va u zotning sheriklarini jihodda qatnashganlar erishgan savobga erishishlarini e’lon qildilar va mujohidlarga taqsim qilingan o’ljalar miqdoricha ularga ham o’lja taqsim qildilar.

Talha ibn Ubaydullohning islomga kirishlariga sabab. Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhu qurayshliklarning savdo karvoni bilan Shomda edilar. Karvon Basraga kirib kelgach, Qurayshning katta tijoratchilari shaharning gavjum bozoriga oshiqib, savdoni qizitib yuborishdi. Talha hali yosh va tajribasiz bo’lishiga qaramay, aqlli va zakiyligi tufayli ko’pni ko’rgan savdogarlar bilan raqobatlasha olar, foydaning eng kattasiga erishar edi. Talha ertadan-kechgacha vaqtini turli o’lkalardan odam yog’ilib kelayotgan bozorlarda o’tkazardi. Xuddi shu joyda ro’y bergan bir voqea uning hayotini tubdan o’zgartiribgina qolmay, tarixning keyingi evrilishlaridan darak ham berdi. Keling, yaxshisi so’zni Talha ibn Ubaydullohning o’zlariga beraylik, bu ajoyib hodisani o’zlari gapirib beraqolsin:

“Bir kuni Basra bozorida turganimizda nasroniy rohiblaridan biri atrofidagilarga:

– Hoy tojirlar, odamlardan so’rab ko’ringlar-chi, oralarida makkaliklar bormikin? – deb qoldi. Men unga yaqin turganim uchun javobga shoshdim:

– Men makkalikliklardan biriman.

– Sizlarning orangizdan Ahmad chiqdimi? – so’radi u.

– Ahmad kim bo’ldi? – so’radim.

– Abdulloh ibn Abdulmuttolibning o’g’li, – javob berdi rohib. – Ayni shu oyda payg’ambarlarning eng oxirgisi chiqishi kerak edi… U sizlarning Makka zaminingizdan chiqadi, keyin qora qoyalar, xurmozorlar va suvi chiqib turgan buloqlar o’lkasiga ko’chadi. Uning huzuriga shoshil, yigitcha. Rohibning so’zlari yuragimga mahkam o’rnashdi. Shu zahoti tuyalarimni o’rnidan turg’izib, yo’lga tayyorgarlik ko’ra boshladim. Karvonni ham kutmay Makkaga jo’nadim.Shaharga yaqinlashishim bilan odamlardan:

– Yo’qligimizda Makkada biror narsa sodir bo’ldimi? – deb so’radim.

– Ha, Muhammad ibn Abdulloh o’zini Payg’ambar deb e’lon qildi, Ibn Abu Kuhofa esa unga ergashdi, – deyishdi.

Yaxshi xulqli va xushmuomala Abu Bakrni yaxshi bilardim. U sofdil va halol savdogar edi, biz u bilan do’st edik, ko’p vaqtimizni birga o’tkazardik. Abu Bakr qurayshliklar tarixini yaxshi bilar, ularning nasablarini bir necha ajdodlarigacha aytib bera olar edi.Uning oldiga borib:

– Muhammad ibn Abdullohga payg’ambarlik kelgani va unga ergashganing rostmi? – deb so’radim.

– Ha, – dedi u, – xuddi shunday bo’ldi.

Keyin u menga Payg’ambar haqlarida gapirib berdi va ularga ergashishga chaqirdi. Abu Bakrga Basralik rohib haqida gapirib berganimda u bo’lgan voqeadan hayratga tushdi va:

– Birga Muhammad alayhissalom huzurlariga boraylik, bu haqda aytib berasan, Allohning diniga kirish uchun nima deyishlarini ham o’zlaridan eshitasan, – deb taklif qildi. Abu Bakr bilan Muhammad alayhissalom huzurlariga kelganimizda u Zot Qur’oni karimning bir necha oyatlarini o’qib berib, Islomga kirish taklifini qildilar. Alloh qalbimni islomga moyil qildi va Payg’ambarga basralik rohib haqida gapirib berdim. Aytganlarim Muhammad alayhissalomda katta taassurot qoldirdi, bu u Zotning yuzlarida aks etib turardi… Keyin u kishiga shahodat kalimalarini aytdim. Shu tariqa, Abu Bakr sharofatidan Islomga ilk kirganlarning to’rtinchisi bo’ldim”.

Talhaning Islomga kirishi qarindoshlari va yaqinlariga yashin urganday ta’sir qildi. Ayniqsa, onasi Sa’ba binti Xazramiya uning musulmon bo’lganidan qattiq xafa edi. U tinmay o’g’lini qarg’ar, bu yo’ldan qaytarish uchun qabiladoshlarini ishga solar edi. Quryshliklar uni kaltaklashdan, haqoratlashdan charchashmasdi. Bir kuni “Qurayshning arsloni” laqabini olgan Navfal ibn Xuvaylid uni arqon bilan Abu Bakr Siddiqqa mahkam qo’shib bog’lab, shu holda makkalik bezorilarning qo’liga topshirdi. Ular esa ikkovlarini inson ko’rmagan qiynoqlarga solishdi. Shu sababga ko’ra Talha va Abu Bakr Siddiq “bog’langanlar” laqabini olishdi.

Talha ibn Ubaydullohning saxiyliklari. Kunlar o’tib borar, voqealar birin-ketin almashar, vaqt o’tgani sayin Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhu ham ulg’ayib, Alloh va Uning Payg’ambari yo’lidagi ishlari ham kengayib borar edi. Uning Islomga va barcha musulmonlarga sadoqati cheksiz edi. Payg’ambarimiz uni “Yaxshilikni ayamaydigan, saxiy va oliyhimmat Talha” deb atardilar. Bu ta’riflarida esa jon bor edi. Ma’lumki, Talha juda badavlat va omadi chopgan savdogarlardan edi. Bir kuni Hazramavtdagi tijoratidan yetti yuz ming dirham foyda ko’rdi. Shundan keyin u tunni qo’rquv va qattiq qayg’uda o’tkazdi. Shu ahvolda oldiga xotini Ummu Kulsum binti Abu Bakr kirib qoldi:

– Sizga nima bo’ldi, ey Abu Muhammad, birortamiz sizni xafa qilib qo’ydikmi?

– Yo’q, – javob berdi Talha,  – musulmonlarning xotinlari ichida eng yaxshisi sensan… O’zimga o’zim: “Uyida shuncha boylikka ega bo’lib xotirjam uxlagan odam Parvardigori huzuriga borganida nima deya olarkin?”, degan savolni berib, tuni bilan to’lg’onib chiqdim.

– Bu sizni nega buncha bezovta qiladi, – so’radi xotini, – faqir va miskin qabiladoshlaringizni o’ylang-da, ertalab pullarni ularga taqsimlab bering…

– Alloh senga rahm qilsin, qanchalar topqir va munis xotinsan, axir Siddiqning qizisan-da! – xitob qildi eri.

Talha erta tongdayoq hamma pullarni hamyonlarga solib chiqdi, keyin ularni Makkadan ko’chib kelganlar va ansorlarning kambag’allariga tarqatgani jo’nadi.

* * *

Rivoyat qilishlaricha, bir kuni Talhaning oldiga bir odam kelib, qarindoshligini eslatdi va undan moddiy yordam so’radi. Shunda Talha:

– Hozirgacha hech kim qarindoshligimizni menga aytmagandi. Kattagina yerim bor, Usmon ibn Affon uni uch yuz mingga olaman, degan edi… Agar xohlasang, yerni ol yoki uni uch yuz mingga sotay-da, pulini senga beray…

Boyagi odam xursand bo’lib ketdi va:

– Yaxshisi, pulni olaqolay, – dedi.

Talha yerni sotib, pulini unga keltirib berdi. Alloh taolo Payg’ambarimiz ta’rif berganlariday “saxiy va oliyhimmat” Talhadan rozi bo’lsin va qabrini nurga to’ldirsin!

Fayyoz. Abu Nu’aym rahmatullohi alayhi Salama ibn Akva’ roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhu tog’ tarafdan bir quduqni sotib oldi va odamlarni taomlantirdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sen, ey Talha, fayoyozsan!” dedilar”.

“Fayyoz” toshqin daryo ma’nosini anglatadi. Darhaqiqat, Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam bekorgaTalha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhuga toshqin daryo laqabini bermagan edilar. Chunki, u kishi topgan narsasini musulmonlar foydasi uchun xayru ehson qilishga oshiqar edilar. Ushbu rivoyatda zikr qilingan quduqni Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhu Ziqird g’azotidan keyin sotib olib kishilarga hadya qilgan edilar. U quduqning nomi “Bibsan molih” —  “tuzli bibisan” edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quduqning nomini chiroyli qilib “No’mon toyyib” – “no’mon yoqimli” deb o’zgartirdilar. Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhu Alloh taoloning yo’lida jihod, musulmonlar jamiyati uchun ishlashdan ortib qolgan vaqtlarida tijorat bilan mashg’ul bo’lar edilar. U kishi eng boy shaxslardan hisoblanar edilar. Shu bilan birga, ommaga eng ko’p xayri ehson qiladigan kishilardan biri ham edilar. Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhuning bu xislatlarini taqdirlab Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishiga yuqoridagi «fayyoz» laqabidan tashqari, “Tolhatul xayr” – “Xayri ehson Talhasi” va “Tolhatul jud” – “saxovat Talhasi” nomlarini ham bergan edilar. Imom Tabaroniy, Ibn Sa’d va Abu Nu’aymlar Muhammad ibn Yah’yodan u kishi momosi Sa’do roziyallohu anhodan qilgan rivoyatda quyidagilar aytiladi:

“Bir kuni Talhaning oldiga kirdim. Uning siqilib o’tirganini ko’rdim va:

  • Senga nima bo’ldi? Yoki biz bilmay xafa qilib qo’ydikmi?, —
  • Yo’q. Sen musulmon odam uchun qandoq ham yaxshi sohiba (sherik, do’st)san. Lekin huzurimda mol to’planib qoldi. Uni nima qilishimni bilmayapman, — dedi.
  • Shunga ham g’am qilasanmi?! Odamlarni chaqirib, taqsimlab ber, — dedim.
  • Unday bo’lsa, ey yigit, menga qavmni chaqirib kel, — dedi u.
  • Qancha taqsimladi?, — dedim xazinachiga.
  • To’rt yuz ming, dedi u”.

Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhu o’z qorindoshlarining xarajatlarini ham ko’tarar edilar. Ularning ichida nikohlanmagani bo’lsa, nikohlab qo’yar, kambag’ali bo’lsa, xizmatini qilar, qarzdorlari bo’lsa, qarzini uzib berar edilar.

Soib ibn Zayd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Talha ibn Ubaydullohga safarda ham, hazar (muqimlik)da ham sohib bo’lganman. U kishiga o’xshagan  pulda, kiyim-kechakda va taomda saxiy odamni hech ko’rmadim.

Talha ibn Ubaydulloh Uhudda. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu qachon Uhud g’azotini eslasalar, “U kunning hammasi Talhaning kuni bo’lgan edi”, der edilar. Qandoq qilib Uhud kunining barchasi Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhuning kuni bo’lganini anglab yetishimiz uchun o’sha kun hodisalarini bir oz eslab o’tishimiz lozim: O’sha kuni mushriklar o’zlaricha musulmonlarni tag-tuglari bilan qirib tashlashlariga shubha qilmas edilar. Nihoyat, ikki orada jang boshlandi. Musulmonlar shiddatli jang qildilar. Ayniqsa, ansoriy Abu Dujona, Talha ibn Ubaydulloh,  Hamza ibn Abdulmuttolib, Ali ibn Abi Tolib, Nazr ibn Anas, Sa’d ibn Robe’lar katta  jasorat ko’rsatdilar. Kunning birinchi yarmida musulmonlar kofirlarga g’olib kelishdi. Mushriklarning  boshliqlaridan yetmish kishi qatl etildi. Ular yengilib, ortga qarab qocha boshladilar.  Qochib-qochib, ayollari turgan joygacha bordilar. Ayollar ham qochishga tayyorlanib,  kiyimlarini yig’ishtira boshladilar.  Mushriklarning yengilib qochayotganini ko’rgan kamonchilar Payg’ambar alayhissalom  qimirlamay turishni tayinlab qo’ygan joylarini tashlab ketdilar. Ular bir-birlariga  “Qaranglar, o’lja, o’lja!” deb qichqirishdi. Amirlari Payg’ambar alayhissalomning shartlarini eslariga solsa ham, ko’nmadilar. Mushriklar batamom yengilib bo’ldi, deb gumon qilib, o’lja yig’ishga kirishib ketdilar va Uhud tarafni ochiq qoldirdilar. Shu payt Xolid ibn Valid fursatni g’animat bilib, mushriklarning otliqlarini xuddi o’sha  yerga boshladi. U yerdan o’tib, musulmonlarning orqa tomonidan bostirib kirdi. Qochib ketayotgan mushriklar Xolid ibn Valid boshliq otliqlar musulmonlar ustiga bostirib kelganini ko’rgach, o’zlarini o’nglab, yana urush maydoniga qaytdilar. Natijada musulmonlar qurshovda qolib ketdilar. Hammasi teskarisiga ketib, musulmonlar yengila boshladilar. Ularning safida sarosima, qo’rquv hukm surib, tartibsizlik boshlandi. Bunday bo’lishini hech kim kutmagan edi. Musulmonlar ichida shahidlar ko’paydi. Mushriklar Payg’ambarimiz alayhissalom tomonga hujum boshladilar. U zot oz sonli kishilar himoyasida edilar. Ularning ham ko’pi o’z Payg’ambarlarining himoyasida mardonavor jang qilib, shahid bo’ldilar. Payg’ambarimiz alayhissalomning muborak yuzlariga jarohat yetdi, pastki jag’laridagi bir tishlari sindi, boshlari yorildi. Mushriklar u zotni toshbo’ron qilishdi. U zot fosiq Abu Omirning musulmonlarni aldash uchun qazib, ustini yopib qo’ygan chuqurlaridan biriga tushib ketdilar. Boshlariga kiygan dubulg’alarining ikkita halqasi yonoqlariga kirdi. Musulmonlar sarosimaga tushib turgan shunday nozik paytda kimdir: “Muhammad o’ldirildi, Muhammad o’ldi!”, deb qichqirdi. Bu katta va qattiq zarba bo’lib, musulmonlarning qolgan kuch-quvvatlariga ham futur yetkazdi. Ular urushni yig’ishtirib, yengilib, ortlariga qocha boshladilar. Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhu mushriklar bilan shiddatli jang qila turib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bir guruh mushriklar hujum qilayotganini ko’rib qoldi. U zot barcha narsani qo’yib, Payg’ambar sollallohu alayhi vasallamning himoyasiga o’zlarini otdilar. Ha, har qadamda mushriklarning o’nlab, balki yuzlab quturgan qilichlari, nayzalari va kamon o’qlariga chap berib, suyukli payg’ambarlarini o’zlarini fido qilib bo’lsa ham himoya qilishga yetib bordilar.

Abu Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan mushriklar jang qilgan kunlarning birida u zot bilan Talha va Sa’ddan boshqa hech kim qolmagan” (Buxoriy rivoyati). Ya’ni, bu rivoyatdagi kundan murod Uhud urushi kunidir. O’sha kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan faqat mazkur ikki kishi qolib, u zotni himoya qilganlar. Mushriklar Payg’ambar sollallohu alayhi vasallamga xuddi uyasi buzilgan arilardek tashlangan edilar. Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhu bo’lsalar u zot alayhissalomni ularning tinimsiz hujumlaridan himoya qilar edilar. O’ng qo’llari bilan qilichbozlik qilsalar chap qo’llari va yelkalari bilan Payg’ambar sollallohu alayhi vasallamning qulayroq joyga o’tib olishlariga yordam berar edilar. Ana shundoq jang bo’lib turgan vaqtida dushman qilichlaridan biri Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomon o’tib ketayotganini ko’rib chap qo’llari bilan haligi qilichni ushlab qoldilar. Dushman qilichi Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhuning ko’rsatkich barmoqlarini kesib ketdi. Bu haqida Qays ibn Abu Hozim roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Talhaning Nabiy sollallohu alayhi vasallamni saqlab qolgan qo’lini ko’rdim. Shol bo’lib qolgan edi” (Buxoriy rivoyati).

Zubayr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Uhud kuni Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ustlarida ikkita sovut bor edi. Bir xarsang ustiga chiqmoqchi bo’ldilar-u, sovutning og’irligidan chiqa olmadilar. Keyin Talhani pastga o’tqazib, yelkasiga chiqib, xarsangga ko’tarilib oldilar va: “Talhaga vojib bo’ldi”, dedilar” (Termiziy rivoyati). Sharh: Albatta, dushman qilichi, nayzasi va o’qlaridan himoyalanish uchun ikkita temir kiyim kiyib olgan odam uchun tog’ sharoitida katta xarsang ustiga chiqib olish oson emas. Ana shundoq paytda Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhu jang qila turib Payg’ambar sollallohu alayhi vasallamning muborak oyoqlari ostiga yelkalarini qo’yib, u zot alayhissalomni omonlik joyiga chiqarib qo’yganlar. Bu ishlarning hammasi Alloh taoloning yo’lidagi fidoiylik edi. Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Talhaga vojib bo’ldi”, dedilar.  Bu “Talhaga jannat vojib bo’ldi”, deganlaridir.

Uhud urushining ishtirokchilaridan hazrati Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu shunday hikoya qiladilar: “Uhud g’azoti kuni Rasululloh odamlardan ajrab, yolg’iz qolganlarida, men birinchilardan bo’lib u kishi tomon yurdim. Qarasam, bir odam u kishining oldilarida himoya qilib urush qilmoqda.  “Talha bo’lsa edi. Otam ham, onam ham unga fido bo’lsin! Talha bo’lsa edi. Otam ham, onam ham unga fido bo’lsin!”, deb borib tursam, orqamdan Abu Ubayda xuddi qushdek uchib kelib qoldi. Birgalashib yetib borsak, Rasulullohning oldilarida Talha yiqilib yotgan ekan. Rasuli Akram alayhissolatu vassalom: “Birodaringizga qarang, u haqliroqdir”, dedilar. Shu payt Payg’ambar alayhissalomning yonoqlariga bir narsa kelib tegib, dubulg’aning halqasini yonoqlariga kiritib yubordi. Uni Payg’ambar alayhissalomdan chiqarib olish uchun borgan edim, Abu Ubayda: “Alloh xayringni bersin, Abu Bakr, menga qo’yib ber”, dedi va og’zi bilan kirgan narsani chiqara boshladi. Payg’ambar alahissalomga ozor bermaslik uchun tishi bilan chiqarishga harakat qildi va chiqarib oldi. Abu Ubaydaning old tishi tushdi. So’ngra men keyingisini olishga uringan edim, Abu Ubayda yana: “Abu Bakr, Alloh xayringni bersin, menga qo’yib ber”, dedi. Yana tishi bilan chiqarib olib, yana bir tishi tushdi. Keyin Rasululloh alayhissalom: “Birodaringizga qaranglar, u haqlidir”, dedilar. Biz Talhaning jarohatlariga qaray boshladik. Unga yetmishdan ortiq o’q, qilich, nayza tekkan va barmog’i kesilib ketgan ekan”.

Ha, mana buni Alloh taoloning yo’lida, Payg’ambar sollallohu alayhi vasallamning nusratlarida fidokorlik deyilsa bo’ladi! Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhu ana shunday fidokor shaxs edilar va o’z niyatlari, ixloslari va fidokorliklariga nisbatan taqdirlandilar.

Tirik shahid. Alloh taolo “Ahzob” surasidagi

 “Mo’minlardan Allohga bergan va’dalariga sodiq qolgan kishilar bordir. Bas, ulardan ba’zilari ajalini topdi. Ba’zilari esa, intizor bo’lib turibdir. Ular biror narsani almashtirmadilar”, oyatini nozil qildi. Ya’ni, “mo’minlar ichida Alloh taoloning yo’lida jonini fido qilishga ahdu-paymon bergan kishilar bor. Ular munofiq va iymoni zaiflar kabi qo’rqoqlik qilmaydilar. Ulardan ba’zilari Alloh taologa bergan ahdu paymonlarida sodiq turib o’z ajalini topdi. Boshqa ba’zilari esa o’sha oliy maqomni kutmoqdalar”.

Albatta, ushbu oyatda zikr etilgan oliy maqomga erishgan zotlar kim ekanligini bilish har bir mo’min musulmon uchun katta qiziqish manbasi edi. Sahobai kiromlar o’shandek baxtli insonlar kimlar ekanligini bila olmay yurar edilar. Oxiri, bir qulay payt kelganda o’sha savolga Payg’ambar sollallohu alayhi vasallamdan javob olishga bir yo’l topdilar. U yo’l qandoq yo’l ekanini va uning samarasi nima bo’lganini Talha roziyallohu anhuning rivoyatlaridan eshitamiz:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalari bir to’pori a’robiyga “o’z ajalini topgan shaxs kim, deb so’ra”, dedilar. Chunki, ular u zotning viqorlaridan hayiqib, bir narsa so’rashga jur’at qila olmas edilar. Shunday qilib, a’robiy u zotdan so’radi. U zot o’girilib oldilar. So’ngra masjidning eshigi oldida ustimda yashil kiyim bilan men paydo bo’ldim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni ko’rishlari bilan:

“O’z ajalini topgan shaxs haqida so’rovchi qani?”, dedilar. “Menman, ey Allohning Rasuli”, dedi haligi a’robiy. (Shunda Rasululloh meni ko’tsatib) “Manavi o’z ajalini topgan shaxslardan”, dedilar” (Termiziy rivoyati).

Sharh: Ya’ni, Allohga bergan va’dalarida sodiq qolib, Uning yo’lida shahid bo’lib, o’z ajalini topgan kishilardandir, deganlar. Tirik holda yurgan odamga bundoq ulug’ maqomning berilishi juda ham buyuk bir maqomdir. Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhuning shahidlik maqomlarini boshqa bir hadisi shariflarida yana ham ochiqroq qilib aytganlar.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kimni yer yuzida yurgan shahidga nazar solish xursand qilsa, Talha ibn Ubaydullohga nazar solsin”, dedilar” (Termiziy rivoyati).

Sharh: Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhuning shaxslari uchun bu marhamat ulug’ maqom edi. Yer yuzida qadam bosib yurgan tirik shahid bo’lish har kimga ham nasib bo’lmagan maqom. Bu oliy maqomga sabab bo’lgan hodisani Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhuning o’zlaridan Ibn Asokir rahmatullohi alayhi “Tarixi Dimashq” kitoblarida quyidagicha rivoyat qiladilar: “Musulmonlar Uhudda yaxshi jang qilib turib, keyin susayishganida Bani Omirlik bir kishi qizg’ish qoramtir qashqa oti ustida nayzasini o’qtalib: “Menga Muhammadni ko’rsatib qo’yinglar”, deb bostirib kela boshladi. Shunda men nayzani otining tomog’iga soldim. Ot uni otib yubordi. Keyin nayzasini olib, o’ziga urdim. Allohga qasamki, uning qoq kekirdagiga urdim. U xo’kizdek bo’kirib yerga ag’anadi. Men joni chiqqunigacha boshini oyog’im bilan bosib turdim”.

Ana o’shanda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kimni yer yuzida yurgan shahidga nazar solish xursand qilsa, Talha ibn Ubaydullohga qarasin”, deganlar.

                                                   “Ko’kaldosh” o’rta maxsus

                                                    islom bilim yurti 3-kurs

                                                      talabasi Abdulahado’v Abdulmo’min

 

ss

Ушбу хабарни улашинг

Post Comment